Slovakiyaning Trnava shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati nihoyasiga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kunida erkin kurash bo‘yicha bahslar tashkil qilindi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
-125kg vazn toifasida Hasanboy Rahimov musobaqa davomida Qozog‘iston, Armaniston, AQSH vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalgacha yetib bordi. Final ostonasida kechgan jangda rossiyalik Soslan Xinchagovga 6:7 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bronza medali uchun o‘tkazilgan bahsda esa eronlik Amir Nader Yarini 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Slovakiyadagi jahon chempionatida yunon-rum kurashi bahslarida Mahmud Bahshilloyev, ayollar kurashida esa Aktenge Keunimjayeva va Nabira Yesenbayeva kumush medalni qo‘lga kiritgandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatidan 3 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan qaytadigan bo‘ldi.