Bundan bin necha kun oldin, yanvar oyining boshida Xitoyning kambagʻal qishloqlaridan birida yashovchi 8 yoshli Vang Fuman isml bolakay bir kunda ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylangan edi.
Vang Fuman Xitoy shimolida joylashgan Sintsze nomli kichik posyolkada yashaydi. U har kuni maktabga borish uchun 5 km masofani piyoda bosib oʻtishi kerak. Oʻsha kuni ertalab keskin sovuq tushgan va havo harorati —9 darajagacha sovib ketgan. Ustiga ustak, uning issiqroq kurtkasi ham boʻlmagan, lekin bu qiyinchiliklar bolakayni toʻxtata olmagan, u baribir maktabga yoʻl olgan.
Maktab direktori Fu Xenning aytishiga qaraganda, u bolakayni koʻrib oʻz koʻziga ishonmagan. U sinfga kirganda sochlari va qoshlarida uzun uzun muz boʻlaklari qotib qolgan boʻlgan. Yuzi esa sovuqdan olovdek qip-qizarib ketgan edi.
U bolakayni shu koʻrinishda suratga olib ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan. Surat bir zumda ommaviylashib ketgan.
Nafaqat Xitoy balki dunyoning barcha nuqtalaridan bolaga yordam berishni istaydiganlar paydo boʻlgan. Bolakayni – Ice Boy, yaʼni Muz bola deb atashgan.
Maktab direktori aytishiga qaraganda, bolakay buvisi va opasi bilan juda kambagʻal sharoitda yashaydi, lekin oʻqishda juda tirishqoq, chunki u oʻz turmush sharoitini faqat ilim olish bilan yaxshilashiga ishonadi.
Tez orada butun dunyodan bolakay oʻqiydigan maktabga 15 000 dollar xayriya puli kelib tushgan. Unga 20ta isitgich va 144 juft issiq kiyim bosh sotib olingan.
Ushbu voqedan biroz oʻtib, bolakayni Pekinga taklif qilishgan. U yerda Vangni katta ehtirom bilan kutib olishgan va uning sharafiga xayriya tadbiri tashkillashtirilgan. Bolakay telekanallar orqali oʻzi boshidan kechirgan voqeani soʻzlab bergan. Shundan soʻng salkam 3 million yuanga (450 000 $) yaqin hayriya puli jamlangan. Xabarda aytilishiga koʻra, ushbu mablagʻ bolakay yashab turgan tumandagi barcha maktablarni issiqlik bilan taʼminlashga yetadi.
Kelajakda politsiya xodimi boʻlishni orzu qilgan bolakay uchun politsiyachilar Pekinda ekskursiya oʻtkazishgan, politsiya mototsikliga mindirishgan, park va sunʼiy qoyaga olib borishgan. U samolyot va poyezdga ilk bor mingan, lekin bolakay aytishiga qargandan unda eng katta taasurot qoldirgan narsa, bu – Pekindagi uylarning issiqligi boʻlgan.
“Bu yerda uylar shunchalik issiq ekan-ki, bir qavat kiyimda uxlash mumkin. Biz uyimizni isitish uchun koʻmir yoqamiz va bir necha qavat kiyim kiyib yotamiz”, — degan bolakay jurnalistlarga.
Bolakayning muxlislari esa, uning tirishqoqligiga qoyil qolib, u kelajakda albatta muvaffaqiyatga erishishiga ishonishmoqda.