O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iziston prezidenti So‘ranbay Jeenbekov O‘zbekiston Prezidentining Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qirg‘izistonning “Danaker” ordenini topshirdi.
Ordenni topshirish jarayoni “O‘zbekiston 24” telekanali orqali jonli efirda namoyish etildi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevni Qirg‘izistonning “Danaker” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi hujjat Qirg‘izistonning avvalgi prezidenti Almazbek Atambayev tomonidan noyabr oyida imzolangan edi.
Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida strategik sherikchilik munosabatlarini o‘rnatish hamda an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi ulkan shaxsiy hissasi uchun taqdirlangan.
“Danaker” ordeni bilan xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash ishiga katta hissa qo‘shgan shaxslar mukofotlanadi. Ordenning orqa tomoni oltin bilan qoplangan.
Qirg‘izistonning ushbu davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar orasida Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Dmitriy Medvedev, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I, jahonga mashhur violenchelchi Yo Yo Ma kabilar bor.