27-oktabr kuni Toshkent shahridagi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi katta majlislar zalida Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlarining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi, deya xabar qildi «Xalq soʻzi» elektron nashri.

Qoʻshma majlisda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati aʼzoligiga boʻsh boʻlgan oʻringa Toshkent shahridan vakil saylash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
“Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi matbuot xizmatining “Xalq soʻzi“ga maʼlum qilishicha, yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazilgan saylovda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhamedova Oliy Majlis Senati aʼzosi etib saylandi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 14-oktabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga boʻshab qolgan oʻrinlarga boʻlib oʻtgan saylovda Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan koʻrsatilgan nomzod Dilorom Toshmuhamedova Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati etib saylangan edi.