O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinga Xitoy Kommunistik partiyasining XX qurultoyi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda u partiyaning Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
«Xitoy Xalq Respublikasi Sizning rahbarligingiz ostida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishib kelmoqda. Uzoqni ko‘zlagan dono siyosatingiz, olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlaringiz, avvalo, Xitoy xalqining turmush tarzini tubdan yaxshilashga va mamlakatning bardavom taraqqiyotini mustahkamlashga xizmat qilmoqda», — deyiladi jumladan maktubda.
Davlat rahbari Si Szinpin tomonidan e’lon qilingan yangi rejalar va olg‘a surilgan barcha tashabbuslar Xitoy davlatining gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shishi va uning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishiga ishonch bildirgan. Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkoriga aylangani, mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etilgan.
«Siz, aziz birodarim bilan bundan keyin ham do‘stona va ochiq muloqotlarni davom ettirishga tayyorligimni bildiraman. Ishonchim komilki, kelajakda O‘zbekiston-Xitoy o‘zaro manfaatli aloqalarini birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan yanada yuqori cho‘qqilarga albatta olib chiqamiz», — deyiladi maktubda.
O‘zbekiston prezidenti Si Szinpinga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik va davomiy ravnaq tiladi.
Si Szinpin yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan 20-chaqiriq birinchi yalpi majlisida XKP Markaziy qo‘mitasi rahbari etib saylandi, deya xabar bermoqda Sinxua davlat axborot agentligi. Si Szinpin, shuningdek, XKP Markaziy harbiy kengashi raisi lavozimiga ham qayta tayinlandi.
XXR Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi Doimiy qo‘mitasining yangi tarkibi: Si Szinpin, XKP markaziy komissiyasining tartib-intizomni tekshirish kotibi Chjao Letszi, Xitoy partiyasi Markaziy qo‘mitasining ma’naviy madaniyatni yuksaltirishga rahbarlik qilish bo‘yicha raisi Van Xunin, XKP Shanxay shahar qo‘mitasi Li Syan, XKP Guandun provinsiyasi qo‘mitasi raisi Li Si, XKP Pekin shahar qo‘mitasi rahbari Say Si va XKP Markaziy qo‘mitasi kanselyariyasi boshlig‘i Din Syuesyandan iborat, deb yozadi «RIA Novosti». Li Syan, Li Si, Say Si, Din Syuesyan Doimiy qo‘mitaga birinchi marta qo‘shilishdi.
XKP bosh kotibi lavozimiga qayta saylanishi Si Szinpinning 2023 yilda Butunxitoy xalq vakillari kengashi (mamlakat parlamenti) sessiyasida Xitoy Xalq Respublikasi raisi lavozimiga qayta saylanishiga yo‘l ochadi, deya aniqlik kiritmoqda «Interfaks». U 2013 yildan buyon davlat rahbari bo‘lib, 2018 yilda parlament sessiyasida XXR raisi vakolatlarini ikki muddatga cheklashni bekor qiluvchi konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi. Xitoy Kommunistik partiyasi Nizomida oliy partiya lavozimini egallash uchun muddat belgilanmagan. XXRning avvalgi rahbarlari ikki muddatdan ortiq bo‘lmagan muddatga saylangan.
Shanba kuni bo‘lib o‘tgan XKP XX qurultoyining yakuniy yig‘ilishida delegatlar partiya nizomiga bir qator o‘zgartirishlarni ma’qulladilar, bu esa Si Szinpinning XKPning o‘zagi sifatidagi rolini yanada mustahkamlab, uning g‘oyalarini «XXI asr marksizmi» va «xitoy madaniyati va xitoy ruhining kvintessensiya» deb atadi», — deya xabar beradi RIA Novosti.
Shu kuni turli mish-mishlarga sabab bo‘lgan voqea sodir bo‘ldi. Si Szinpindan avvalgi XXR raisi, XKP bosh kotibining chap tomonida o‘tirgan 79 yoshli Xu Szintaoni yig‘ilishdan ikki kishi qo‘ltiqlab olib chiqib ketildi. Bir ozdan so‘ng Sinxua agentligi Xu Szintao o‘zini yomon his qilgani va uning yordamchilari uni uchrashuv yonidagi xonaga kuzatib qo‘yganini ma’lum qildi.