Shuhratjon Sobirov O‘zbekistondagi Interpolga rahbar bo‘ldi

Shuhratjon O‘rinboyevich Sobirov Interpol milliy markaziy byurosining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori etib tayinlandi.

Shuhratjon Sobirov 2020 yilning martidan 2023-yilning fevraligacha O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — O‘zbekiston IIV Tezkor-tergov departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan. U bungacha Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

2021-yildan buyon Interpolning O‘zbekistondagi byurosiga polkovnik G‘anijon Alimuhamedov rahbarlik qilib kelayotgandi.

22-fevral kuni Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Shavkat Rahmonov IIV rahbarining birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimini egallagan.

Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (Interpol) 1923-yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Fransiyaning Lion shahrida joylashgan. Bugungi kunda tashkilotga 195 davlat a’zo.

O‘zbekiston 1994-yilda Interpolga a’zo bo‘lgan va Ichki ishlar vazirligi qoshida Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tashkil etilgan. Byuro rahbari ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Fikr bildirish

Latest from Blog