13-may kuni O‘zbekiston Prezidenti Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z bordi, deb xabar qiladi O‘zA maxsus muxbiriga tayanib Uz24.uz.
Foto: Getty Images
Muloqotda O‘zbekistonda XXRning yetakchi sanoat kompaniyalari bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, neft-gaz va telekommunikatsiya tarmoqlari, transport, to‘qimachilik, sayyohlik, qurilish, kimyo sanoatida va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Bu yerda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib kelayotgan ishbilarmonlarni ko‘rayotganimdan xursandman, dedi davlat rahbari. Biz xitoylik tadbirkorlar bilan birga ishlashdan mamnunmiz.
Prezident Xitoy biznes sub’ektlari O‘zbekistondagi ko‘plab yangi sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganini qayd etdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, texnikaviy, energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga oid masalalar xususida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraisi Men Szen Chju, «COFCO» korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Chjao Shuanlyan, Xitoy davlat taraqqiyot banki vitse-prezidenti Chjan Syuguan, Xitoy Eksimbanki vitse-prezidenti Sun Pin, «Poli interneshnl» kompaniyasi bosh direktori yordamchisi Myao Tszechun va boshqalar O‘zbekiston bilan hamkorlik yuqori natijalar berayotgani, bundan keyin ham o‘zaro aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.