Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Bir mintaqa — bir yoʻl» strategiyasi doirasida xalqaro hamkorlik boʻyicha oliy darajada boʻlib oʻtadigan forumda qatnashish uchun Pekinga boradi, deya xabar bermoqda Sputnik.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I brifing davomida 28 ta davlat prezidentlari va bosh vazirlari ushbu forumda ishtirok etishini tasdiqlashganini maʼlum qildi, deb yozadi nashr.
«Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin taklifi boʻyicha biz 28 nafar mamlakat va hukumat rahbarlari tasdigʻini oldik», — degan Van I. Uning soʻzlariga koʻra, forumda ishtirok etishini Oʻzbekiston prezidenti ham tasdiqlagan. Forum 14—15-may kunlari boʻlib oʻtadi. Unda BMT, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki rahbarlari qatnashishi kutilmoqda. Van Ining taʼkidiga koʻra, XXR raisi Si Tszinpin forum ochilishiga bagʻishlangan sessiyada ishtirok etib, nutq soʻzlaydi. Vazir qayd etishicha, forum yakunlari boʻyicha «Bir mintaqa — bir yoʻl» strategiyasini amalga oshirish doirasida hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar imzolanishi ham kutilmoqda.