Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Ko‘ksaroyda Shavkat Mirziyoyev va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari oliy martabali mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarda tarixiy voqea ekanini ta’kidladi.

“Biz Misrga insoniyat sivilizatsiyasi markazlaridan biri, bugungi kunda katta salohiyatga ega davlat sifatida qaraymiz. Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida qadimdan aloqalar bo‘lgan. Mana bugun O‘zbekiston bilan Misr hamkorligida yangi bosqich, amaliy ishlar boshlanmoqda. Ushbu tashrifga tayyorgarlik jarayonida mamlakatlarimizda foydalanilmayotgan ulkan imkoniyatlar borligi ayon bo‘ldi. Bugun o‘tayotgan biznes-forumda qiymati 400 million dollarlik shartnomalar bo‘yicha kelishuvga erishilgani shundan dalolat. Ishonamanki, Misr prezidentining O‘zbekistonga tashrifi o‘zaro hamkorligimizda katta natijalar beradi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muzokarada avval erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarning natijalari muhokama qilindi. Prezidentlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va ilmiy-texnikaviy, turizm va madaniyat sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada faollashtirish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash, turli darajalarda uchrashuvlar o‘tkazish va sheriklik aloqalarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Mintaqaviy xavfsizlikni musahkamlash, xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish masalalariga e’tibor qaratildi. Bu borada tajriba almashish, idoralararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma ishchi guruhi tashkil etishga qaror qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Afg‘onistonda mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish, bu masalalar bo‘yicha Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Prezidentlar ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan qarashlari yaqin va o‘xshash ekanligini ta’kidladilar.

Abdulfattoh as-Sisi Shavkat Mirziyoyevni Misrga tashrif bilan borishni taklif etdi.

Fikr bildirish

Latest from Blog