Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Shimoliy vokzal yaqinidagi kabi ko‘priklarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Kichik xalqa yo‘li va Farg‘ona yo‘li ko‘chalari kesishgan joyda qurilgan yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Foto: railway.uz

Prezident 25-mart kuni bu yerda bo‘lib, yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish va uning bir qismini yangidan qurish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Oktabr oyida yangilangan ko‘prik foydalanishga topshirildi.

Yo‘l o‘tkazgichning eni 30, uzunligi 346 metr bo‘lgan qismi rekonstruksiya qilindi. Eni 22, uzunligi 281 metr bo‘lgan qismi yangidan barpo etildi. Ikki tomonida piyodalar yo‘lakchalari qurildi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘l o‘tkazgich odamlarga qanchalik manzur bo‘lgani, transport harakati va xavfsizligiga qanday ta’sir ko‘rsatgani bilan qiziqdi. Bunday ko‘priklarni Toshkentning boshqa joylarida ham qurish, bunda avvalo, xavfsizlik talablariga rioya etish zarurligini ta’kidladi.

Ko‘prik atrofini obodonlashtirish, Toshkent qiyofasiga mos zamonaviy binolar qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutida ko‘priksozlik bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratildi.

Latest from Blog