//

Shavkat Mirziyoyev Sindzo Abe vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Foto: BBC

8-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abe suiqasd natijasida vafot etgani munosabati bilan Yaponiya imperatori Naruxito va bosh vaziri Fumio Kisidaga hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

«Ta’ziyanomada janob Abening strategik dasturlari va innovatsion tashabbuslari Yaponiyaning barqaror rivojlanishiga, mamlakatning xalqaro munosabatlar va jahon iqtisodiyoti tizimidagi rolini yanada kuchaytirishga xizmat qilgani qayd etilgan», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Sindzo Abening O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, strategik sheriklik aloqalarini kengaytirish borasidagi shaxsiy xizmatlari doimo yuksak qadrlanishi ta’kidlangan. Prezident shuningdek, marhumning rafiqasi va barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etgan.

Juma kuni Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abe Nara shahrida parlament saylovlari kampaniyasi chog‘ida o‘tkazilgan mitingda nutq so‘zlayotganida suiqasd oqibatida 67 yoshida vafot etdi.

Politsiya tomonidan unga o‘q uzganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi. U Nara shahrida yashovchi 41 yoshli fuqaro ekanligi ma’lum bo‘ldi. Nikkei nashrining yozishicha, u ov miltig‘i bilan siyosatchining orqa qismiga o‘q uzgan.

Sindzo Abe 2006−2007 va 2012−2020-yillarda Liberal-demokratik partiyadan bosh vazir lavozimida ishlagan. Bu Yaponiya tarixidagi hukumat rahbari lavozimidagi eng uzoq muddatdir. Sobiq siyosatchi 2020 yilning avgust oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli iste’foga chiqdi.

Abe O‘zbekistonga 2015-yil oktabr oyida tashrif buyurgandi. U o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Toshkentda rekonstruksiya qilingan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining ochilishida qatnashgandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog