Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi “Tabassum” mahallasida bo‘ldi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Tabassum” mahallasida bo‘lib, uning hayoti bilan tanishdi va aholi bilan muloqot qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Uchrashuvda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha islohotlar, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashildi.

Mahallalar tom ma’noda madaniyat va ma’naviyat maskaniga aylanmog‘i lozim, buning uchun aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish zarur. Kitob insonga bilim beradi, uning ma’naviy olamini boyitadi, Vatanni sevishga o‘rgatadi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Tabassum mahallasidagi 27 ko‘p qavatli uyda 5 ming 300 dan ziyod turli millat vakillari istiqomat qiladi. Mahalla fuqarolar yig‘ini markazi binosida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bu yerda mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xizmat xonalari bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Sartaroshxona, “Go‘zallik saloni”, savdo do‘koni, novvoyxona qurish rejalashtirilgan.

Yaqinda mahalla hududida bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu mahalla yoshlari uchun yana bir qulaylik bo‘ldi.

Har bir rahbar odamlarning dardiga quloq solishi, muammolarini hal qilishi, bir so‘z bilan aytganda, ularni rozi qilishi, tashvishi bilan ishlashi kerak. Shundagina ularning davlatga, kelajakka ishonchi ortadi. Mahallalarni obod qilish, xalqqa barcha qulay sharoitlarni yaratish bu borada muhim ahamiyatga ega.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

O‘zbekiston Prezidenti mahalladagi ko‘p qavatli uylar, maktabgacha ta’lim muassasalari atrofini obodonlashtirish, yo‘laklarni ta’mirlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Fikr bildirish

Latest from Blog