Shavkat Mirziyoyev Jahon banki bosh boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut delegatsiyasi tarkibiga Jahon banki vitse-prezidenti Siril Myuller, mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk, ijrochi direktori Verner Gruber hamda bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori ham kiritilgan.
Davlat rahbari mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekiston va Jahon banki guruhi o‘rtasidagi mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan sheriklik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
O‘tgan yili Toshkent va Nyu-York shaharlarida bank rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan ochiq va amaliy uchrashuvlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, uni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani qayd etildi.
O‘zbekiston Jahon bankiga 1992-yilda a’zo bo‘lgan. O‘zaro hamkorlikning o‘tgan davrida umumiy qiymati 2,9 milliard dollardan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari jalb qilingan holda 30 dan ortiq loyiha amalga oshirildi va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining qurilishi, energetika va sanoat obyektlarida zamonaviy va energiyatejamkor texnologiyalarni joriy etish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, agrar tarmoq salohiyatini oshirish, suv resurslarini boshqarish va suv ta’minotini yaxshilash, shoshilinch tibbiy yordam tizimini modernizatsiya qilish, ta’lim sohasini takomillashtirish hamda mamlakatning deyarli barcha hududlarini qamrab olgan boshqa ko‘plab loyihalar shular jumlasidan.
Uchrashuvda 2017—2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari doirasidagi sheriklikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jahon bankining uzoq muddatli moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda investitsiya loyihalarini sifatli va o‘z vaqtida tayyorlash, ularni samarali amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, ijtimoiy infratuzilma va kommunal xo‘jalikni modernizatsiya qilish, moliya sektorini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar, davlat va xususiy sektor sherikligi mexanizmlarini joriy etish, biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi loyihalar, tibbiyot va ta’limdagi dasturlarni amalga oshirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.
Kristalina Georgiyeva Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kimning ezgu tilaklarini yetkazdi. Bank ustuvor milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston bilan keng miqyosli sheriklikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.