Shavkat Mirziyoyev: Dehqon bu – hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchi

Bugun, 9-dekabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, soha xodimlarini tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘zA

Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 25-avgustida qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Bugun, 9-dekabr ushbu kunga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.

Mamlakatimizda hamma soha vakillarining bayrami bor. Lekin barchamizni, butun halqimizni boqadigan, kiyintiradigan qishloq xo‘jaligi xodimlarining bayrami shu paytgacha yo‘q edi. Maxsus qonun qabul qilib, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilaganimiz, o‘ylaymanki, hayotimizdagi yana bir adolatli qaror, xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi. Hammamiz bolaligimizdan yerga, dehqonchilik va chorvachilikka mehr qo‘yganmiz. Bu sohaning mehnati qanchalik sharafli, noni esa, qanchalik totli va shirinligini barchamiz yaxshi bilamiz.

Dehqon bu – hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz “olam ahlining to‘qligi, quvonchi, avvalo, yerga urug‘ sochib, bebaho noz-ne’mat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir” deb, mirishkor dehqonlar xizmatiga juda katta baho berganlar.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Fermerlik harakatini rivojlantirish natijasida, mamlakatda keyingi yillarda 160 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari shakllanib, ular bugungi kunda 10 dan ortiq yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda 12 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi rahbarlarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etsa, 6 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklariga xotin-qizlar rahbarlik qilmoqda.

Respublikada ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari oxirgi ikki yilda 45 foizga ko‘payib, bugungi kunda ularning soni 75 mingtaga yetdi. Faqat shuning hisobidan joylarda, uzoq-uzoq qishloqlarda yuz minglab yangi ish o‘rinlari barpo etildi.

Latest from Blog