Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev taklifiga binoan 22—23-avgust kunlari davlat tashrifi bilan Ozarbayjonda bo‘ladi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, tashrif dasturida oliy darajadagi muzokaralar hamda ikki mamlakat yetakchilari ishtirokidagi boshqa tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Kun tartibidan O‘zbekiston—Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 1-mart kuni Ilhom Aliyevning taklifiga binoan Ozarbayjonga amaliy tashrif bilan borgandi. Prezident Bokuda Qo‘shilmaslik harakatining dunyoda pandemiyadan keyingi tiklanish masalalariga bag‘ishlangan sammiti yalpi sessiyada ishtirok etgandi. Ozarbayjon prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazib, ikki tomonlama ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilgandi.