O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazrui boshchilik qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Uchrashuvda Masdar kompaniyasi bosh direktori Muhammad Jamil al-Ramahi, TAQA kompaniyasi vakili Jasim Husayn Tabet, TAQA Water Solutions kompaniyasi vakili Ahmad al-Shamsi hamda Etihad Water & Electricity kompaniyasining rahbari Yusuf al-Ali ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida mamlakatda, xususan, «yashil» energetika sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash rejalari muhokama qilindi.
«O‘zbekiston rahbari energetika sohasidagi strategik hamkorlik ikki tomonlama aloqalarning lokomotivi bo‘layotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladi», – deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ushbu yo‘nalishda umumiy qiymati 1,5 milliard AQSh dollariga teng 5 loyiha birgalikda amalga oshirilgan. 2024-yil dekabr oyida Navoiy viloyatida quvvati 500 megavattga teng bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Bundan tashqari, hozirda boshqa bir qator obyektlar qurilish bosqichida.
Prezident mavjud issiqlik elektr stansiyalari quvvatlarini kengaytirish va past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kompaniyalar rejasini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, yangi GESlar, elektr energiyasini saqlash tizimlari, yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurishni jadallashtirish tashabbuslari ham ma’qullandi.