Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar qildi.
Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati
Sammitda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari va AQSh Prezidenti, BMT, Arab davlatlari ligasi, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashi bosh kotiblari ishtirok etdi.
Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud forum ishtirokchilarini qutlar ekan, ularning ishtiroki sammit nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Mazkur forum ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surishi, xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, terrorizm va zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashish arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti kun tartibidagi asosiy masala hisoblanadi. Tinchlikka tahdidlarning oldini olish, barcha davlatlarning milliy-diniy qadriyatlari va madaniyatlarini saqlash sammit ishtirokchilari diqqat e’tiborida bo‘ldi.
Foto: Tojikiston prezidentining Facebookdagi rasmiy sahifasi
Bu borada O‘zbekistonning mustaqillik yillarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekistonning birinchi Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilgan va bugun izchil davom ettirilayotgan tinchlikparvar siyosat bu ezgu intilishlarga tayanch bo‘lmoqda. Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli hududga aylantirilishi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash ishiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi. Birinchi Prezident Islom Karimov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1999-yilgi Istanbul sammitida BMT huzurida terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markaz tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. 2001-yil 28-sentabrda BMT Xavfsizlik kengashi doirasida terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasining tashkil etilgani bu g‘oyaning amaldagi natijasi bo‘ldi.
O‘zbekiston ayni paytda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qilmoqda. 2016-yilda Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, ma’rifat va ta’lim bashariyat taraqqiyoti va farovonligining asosiy omillaridan biri bo‘lib, insonlarni ezgulikka chorlashi, mehr-muruvvatli va sabr-qanoatli bo‘lish kabi yuksak fazilatlarni tarbiyalashini qayd etdi.
Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti islom dini nufuzini yanada oshirish, davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kengaytirish, terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashda muhim omil bo‘ladi.