Shavkat Mirziyoyev Hakim Termiziy maqbarasi ziyorati chogʻda Oqtoʻbada Oʻzbekiston fuqarolari vafot etganidan chuqur qaygʻuda ekanini aytib, ularning yaqinlariga taʼziya bildirdi. Marhumlar haqiga duo qilindi, deb xabar qildi Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Kecha tongda Aqtoʻbe oblasti Irgʻiz tumani hududidan oʻtuvchi «Samara-Chimkent» avtomobil yoʻlining 1068 kmda Kaliboy aholi yashash punktidan 10 km uzoqlikda yoʻlovchi avtobus yonib ketdi.
Setra rusumli avtobus harakatlanayotgan vaqtida alanga olgan. Avtobus Qozogʻiston janubidan Rossiyaning Qozon shahriga yoʻl olgandi. Unda 57 kishi boʻlgan, faqat 5 kishi chiqa olgan, qolgan 52 kishi halok boʻlgan. Ayni vaqtda avtobus yonib ketishi oqibatida halok boʻlgan 52 kishidan 32 nafarining shaxsi aniqlangan. Ularning aksar qismi Namangan viloyatidan boʻlgan.