Bugun, 15-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amalga oshirilayotgan ijtimoiy iqtisodiy islohotlar, keng ko‘lamdagi qurilish bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zA yozishicha, davlat rahbari 2017-yil 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ular to‘la amalga oshirildi.
Masalan:
- Qorao‘zak tumanidagi “Qoraqalpoq sement” korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna sement, Nukus shahridagi “Texnik global” korxonasida “Samsung” brendi ostida yiliga 150 ming dona televizor, “Nukus polimer” korxonasida yiliga 8 ming tonna polietilen truba va xo‘jalik buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
- To‘rtko‘l tumanidagi “Vegateks global” korxonasida yiliga 5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda.
- 101 kilometrlik “Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq” suv quvuri va “Qo‘ng‘irot” suv taqsimlash inshooti qurib bitkazildi. Buning natijasida Mo‘ynoq tumanidagi 25 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
- I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyining muhtasham ikkinchi korpusi qurilib, yuksak xalqaro standartlar asosida jihozlandi va foydalanishga topshirildi.
- Qoraqalpoq davlat o‘lkashunoslik muzeyi binosi, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov nomidagi iqtidorli bolalar maktabi, Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i, zamonaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan yirik sport majmuasi bunyod etildi. Imom Eshon Muhammad jome masjidi rekonstruktsiya qilinib, foydalanishga topshirildi.