O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Shu kunlarda poytaxtimizda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tuzilma faoliyatini takomillashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdi. Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tashqi siyosat ham mintaqamiz uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Prezidenti ilk davlat tashriflarini Turkmaniston, Qozog‘iston va Rossiyaga amalga oshirgani mamlakatingiz tashqi siyosatda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida e’tibor qaratayotganini yaqqol isbоtidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashganimdan g‘oyat xursandman. Suhbatimiz keng qamrovli va juda mazmunli bo‘ldi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisini o‘tkazish uchun yaratilgan ajoyib imkoniyatlardan minnatdormiz.
Ishtirokchi davlatlar va MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillarining Kelishuv majlisi muvaffaqiyatli o‘tdi. Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi kun tartibiga 16 hujjat loyihasi kiritilgan. Ular Hamdo‘stlik mamlakatlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligini rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga qaratilgan.
Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentdagi majlisi MDH doirasidagi aloqalar rivojida muhim voqea bo‘lishiga ishonaman. O‘zbekiston xalqiga yanada taraqqiyot, baxt va farovonlik tilayman.