Samarqand viloyatida umumiy jinoyatchilik va jinoyat-qidiruv sohasidagi jinoyatlar oshmagan bo‘lsa-da, biroq tumanlar kesimida, ayniqsa, ayrim mahallalarda huquqbuzarliklar soni ortgan. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Jumladan, viloyatdagi 1087 ta mahallaning 838 tasida huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilib, ularning deyarli har to‘rtinchisida jinoyatlar ko‘paygan.
Bunga hududlardagi kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi to‘liq tahlil qilinmagani, yetarli malaka, ish staji va tajribaga ega bo‘lmagan profilaktika inspektorlarining tayinlanishi hamda kuch va vositalarning to‘g‘ri taqsimlanmaganligi omil bo‘layotgani qayd etildi.
Samarqand viloyatidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining 7 nafar xodimi, ya’ni 5 nafar mahalla raisi, 2 nafar mas’ul kotib tomonidan jinoyatlar sodir etilgani hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining qo‘shma yig‘ilishida afsus bilan tilga olindi.
Tadbir Samarqand viloyati tumanlari bilan bog‘langan holda videokonferensiya tarzida o‘tkazildi. Yig‘ilishda Respublika komissiyasi raisi, Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev ishtirok etdi.