Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Jahon neyroxirurglar jamiyatlari federatsiyasining ta’lim kursi o‘tkazildi. Bu haqda Jahon AA xabar bermoqda.
Unda Germaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Turkiya davlatlarining yetakchi neyroxirurglari, O‘zbekistondagi tibbiy muassasalar xodimlari va oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri R.Qosimov va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Jahon neyroxirurglar jamiyatlari federatsiyasi ta’lim va o‘qitish qo‘mitasi rahbari, professor Konchezio Di Rokko, Osiyo neyroxirurglar kongressi prezidenti, professor Yoko Kato bugun dunyoda neyroxirurgiya sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, davolashning samarali yo‘llari haqida so‘z yuritib, bu borada O‘zbekiston tibbiyotida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
– Birinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur kurs O‘zbekistonda tashkil etilgani ham bejiz emas, – deydi Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, N.Burdenko nomidagi Rossiya neyroxirurgiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Aleksandr Potapov. – Chunki Markaziy Osiyo tibbiyotida neyroxirurgiyaning tashkil etilishi va rivojlanishi O‘zbekiston bilan bog‘liq. Keyingi yillarda erishilayotgan natijalar ham diqqatga sazovor. Kurs davomida neyroxirurgiyaning yangi yo‘nalishlari, zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish masalalari muhokama etilishi bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish uchun qulay imkoniyatdir.
Tadbir doirasida N.Burdenko nomidagi Rossiya neyroxirurgiya ilmiy-tadqiqot instituti professorlari Samarqand tibbiyot instituti klinikasi neyroxirurgiya bo‘limida bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. O‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga jarrohlik amaliyotida ishtirok etdi. Yosh mutaxassislar uchun mahorat mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Anjuman doirasida respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi bilan Rossiya va Yaponiyaning yetakchi tibbiyot muassasalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolandi.