Ijtimoiy tarmoqda Samarqand shahridagi “Golden Kids” xususiy bolalar bogʻchasida bolalarga igna tiqib, azob bergan tarbiyachi haqida xabarlar tarqaldi.
Unda aytilishicha, tarbiyachi bolalarni uxlatish va ularga oʻz gapini oʻtkazish uchun ularga igna tiqib, qoʻrqitgan.
Holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB Tergov boʻlimining oʻrganishlariga koʻra, ushbu holatni “Golden Kids” xususiy bolalar bogʻchasida ishlovchi 1992-yilda tugʻilgan pastdargʻomlik tarbiyachi ayol voyaga yetmagan bolalarga nisbatan sodir etganligi aniqlandi, deyiladi viloyat IIB xabarida.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari (voyaga yetmagan yoki ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsni muttasil ravishda doʻpposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi holatga munosabat bildirib, oʻrganish ishlari olib borilayotganini, keyinroq batafsil maʼlumot berilishini taʼkidladi.