Samarqand shahrida 2020-yilgacha Samarkand city turizm zonasi, Samarqand tumanida esa eshkak eshish kanali hududida sport-sog‘lomlashtirish va turistik-rekreatsion majmuasi barpo etiladi. Bu O‘zbekiston hukumatining “2017—2019-yillarda Samarqand viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Foto: Kasaba sayr
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan 2017 — 2019 yillarda Samarqand shahri va Samarqand viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish tadbirlari Dasturida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarlar belgilab berilgan:
Yangi mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar markazlar, turistik-rekreatsion hududlarni barpo etish hamda turizm infratuzilmasining boshqa obyektlarini qurish;
Umumiy ovqatlanish tizimini takomillashtirish va turistlarning kechki bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun sharoitlar yaratish, jumladan, zamonaviy restoranlar qurish, nurli va musiqiy shou dasturlarini tashkil etish, o‘zbek milliy musiqasining teatrlashtirilgan konsert dasturlarini tashkil etish, madaniy meros obyektlari hududida milliy urf-odat va an’analarni namoyish etish;
Aviareyslar va tezyurar “Afrosiyob” elektropoyezdi qatnovlari sonini ko‘paytirish, Samarqand shahrining tarixiy hududida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilot tashkil etish, turistik namoyish obyektlariga olib boradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish yo‘li bilan transport xizmatini yaxshilash, avia va temiryo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish;
Turizm infratuzilmasi obyektlarida bankomat va terminallar o‘rnatgan holda maxsus esdalik sovg‘alari shoxobchalarini shahar ko‘chalari bo‘ylab taqsimlash, internet tarmog‘idan foydalanishga keng imkoniyat yaratgan holda turistlar gavjum joylarda Wi-Fi hududlarini tashkil etishni nazarda tutgan holda Samarqand shahri hududini obodonlashtirish;
“Samarqand nonlari”, “Samarqand hunarmandlari”, “Milliy taomlar”, “Sharq shirinliklari” kabi har yilgi mavzuli festivallarni tashkil etish va o‘tkazish, xorijiy turoperatorlar va OAV vakillari uchun axborot turlarini tashkil etish, ommabop xorijiy telekanallarda Samarqandning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, Samarqand shahri brendini targ‘ib etish;
Yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish, shu jumladan “Zarafshon” davlat qo‘riqxonasi hududini va u yerda saqlanayotgan Buxoro bug‘usining (xongulning) turistlar tomonidan keng qamrovli kuzatilishi uchun ilmiy-rekreatsion hududlarni tashkil etish, turizm infratuzilmasi obyektlarini barpo qilish sharti bilan hududda turizm majmuasi va ekoturizm zonalari tashkil qilish;
2017 — 2021-yillar mobaynida turizm xizmatlari eksporti hajmini 2,2, turistlar sonini 2 barobarga oshirishni ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
Samarkand city turizm zonasida Samarqand shahrida turistlar kechayu-kunduz bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoitlar va turli xizmatlarning ko‘rsatilishini ta’minlovchi zamonaviy mehmonxonalar, kottejlar, madaniy-sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar-savdo maskanlarining qurilishi nazarda tutilmoqda.
Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali hududida yil davomida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish imkonini beruvchi zamonaviy sportzal, sport maydonchalari, usti ochiq va yopiq basseynlar, oilalar uchun mehmonxona majmualari va kottejlar, suv attraksionlarini o‘z ichiga olgan sport-sog‘lomlashtirish va turistik-rekreatsion majmuasi barpo etiladi.
Samarkand city turizm zonasini qurish loyihasi amalga oshirilishini moliyalashtiruvchi, investorlar, jumladan xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish shaklida birgalikda moliyalashtiruvchi bosh tashkilot etib Milliy bank, “Eshkak eshish kanali hududida sport-sog‘lomlashtirish va turistik-rekreatsion hududini barpo etish” loyihasi bo‘yicha esa “O‘zsanoatqurilishbank” belgilandi.