«Oʻzbekcharmpoyabzali» charm-poyabzal uyushmasi korxonalari Moskva shahrida yengil sanoat boʻyicha III Xalqaro biznes anjumanida ishtirok etib, A.Kosigin nomidagi Rossiya davlat universiteti va Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalar va dizayn universiteti bilan kelishuv imzolashdi. Bu haqda «Jahon» axborot agentligi xabar berdi.
Foto: «Jahon» AA
«Oʻzbekistonda paxtani qayta ishlash va toʻqimachilik mahsulotlarni ishlab chiqarish juda katta ilmiy bazaga ega. Bunga misol tariqasida Toshkent toʻqimachilik instituti keltirishimiz mumkin. Afsuski hozirgi kunda ushbu oliygoh bilan aloqalar uzilgan. Biz bu aloqalarni tiklamoqchimiz», — deb taʼkidladi A.Kosigin nomidagi Rossiya davlat universiteti ilmiy ishlar boʻyicha rektor oʻrinbosari Oleg Kasheyev.
Yengil sanoat boʻyicha III xalqaro biznes anjumani Rossiya fashion-sanoati assotsiatsiyasi va ProFashion mediaxolding tomonidan tashkil etilgan boʻlib, 11 ta xorijiy davlatlardan eng yetakchi 70 dan ortiq fabrikalar va 200 dan ortiq korxonalar ishtirok etdi.
Anjumanda Oʻzbekistondan «Oʻzbekcharmpoyabzali» uyushmasi korxonalari va bir necha yengil sanoat korxonalari, jumladan UzTEX Group, Ayuko Tekst, Xujaobod, Uzcotton Group, «Erkatoy Bolajon» ishtirok etdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi tashabbusi bilan tashrif dasturi doirasida «Oʻzbekcharmpoyabzali uyushmasi korxonalari Rossiya oliygohlari bilan hamkorlik yoʻllari va istiqbollari hamda poyabzal sanoati sohasida kadrlarni tayyorlash va ularni qayta tayyorlash toʻgʻrisida»gi mavzusi boʻyicha davra suhbati oʻtkazildi.
Oʻzbekiston vakillari A.Kosigin nomidagi Rossiya davlat universitetida tinglovchilarni tayyorlash va poyabzal boʻyicha MosShoes xalqaro koʻrgazmasida oʻzbekistonlik tinglovchilarni faol ishtirok etish masalalarini muhokama qilishdi.