Rossiyaning «Prodimeks» kompaniyalar guruhi Oʻzbekiston bozoriga shakar yetkazib bermoqda. Bugungi kunga kelib respublikaga 50 vagon shakar joʻnatildi va har kuni yangi hajmda mahsulot yetkazilmoqda, deb xabar berdi nuz.uz.
«Shakar rejadagidan ortiq miqdorda ishlab chiqarilgani sababli ortiqcha mahsulotni xorijga eksport qilmoqdamiz. Oʻzbekiston biz uchun salohiyatli bozor hisoblanadi», – deydi «Prodimeks» direktori oʻrinbosari Vadim Yerijenskiy.
Agroxoldingdagilarning aytishlaricha, bojxona qiyinchiliklari bois respublikaga Rossiya shakari 26 yil davomida eksport qilinmagan.
«Prodimeks» kompaniyalari guruhi Rossiyadagi yirik agroxoldinglardan boʻlib, Voronej viloyatida sakkizta korxonasi bor. Agroxoldingning barcha shakar ishlab chiqarish zavodlari sutkasiga 78,5 ming tonna qand lavlagini qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz qarori bilan 15-sentabrdan mamlakatga keltiriladigan shakarni import boji va aksiz soligʻi stavkalarini umuman bekor qilgandi. Undan avval, 2000-yillar boshidan 30 foizlik stavka qoʻllanilgan.
Rasmiy statistika maʼlumotlariga qaraganda, Oʻzbekistonda shakarga boʻlgan yillik ehtiyoj — 700 ming tonnani tashkil qiladi. 1998-yilda birinchi Xorazmda «Xorazm-shakar» zavodi ish faoliyati yoʻlga qoʻyilgandi. Ushbu zavod bir sutkada 1 ming tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega.
2014-yil yakunida Toshkent viloyatida «Angren Shakar» MChJ XK shakar zavodi ishga tushirilgan.