Rim papasi Fransisk uch kunlik davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga keldi.
Uni aeroportda Prezident Qasim-Jo‘mart To‘qayev kutib oldi. Ular qisqa suhbat qurishdi. Keyinroq Fransisk korteji To‘qayev qarorgohiga yo‘l oldi va u yerda tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng muzokaralar boshlandi.
Safar doirasida Fransisk Nur-Sultonda bo‘lib o‘tadigan Jahon va anʼanaviy dinlar yetakchilarining yettinchi qurultoyida ishtirok etadi. Ikki kun davom etadigan mazkur forumda 50 ta davlatdan yuzga yaqin delegatsiya ishtirok etishi kutilmoqda. Vatikan umid qilayotgan Rim Papasining Rossiya Patriarxi Kirill bilan uchrashuvi Nur-Sultonda bo‘lmaydi. Shu paytgacha Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirish haqidagi qarorini himoya qilib kelayotgan Rus pravoslav cherkovi rahbari yaqinda Nur-Sultonga borishdan bosh tortdi.
Pontifik Qozog‘istonga prezident To‘qayevning taklifiga binoan kelgan. Fransisk mamlakatga tashrif buyurgan ikkinchi papadir. 2001-yilda Ioann Pavel II Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan Qozog‘istonga tashrif buyurdi.
Fransiskning tashrifi dasturida ibodat marosimi va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuv ham bor, deya qayd etadi Fransiya xalqaro radiosi.
Tizzadagi muammolar tufayli ko‘p vaqtini nogironlar aravachasida o‘tkazadigan 85 yoshli Pontifik uchun bu 2022-yilda Malta va Kanadadan keyin uchinchi chet el safaridir.