Rahbar faoliyatida nutqning ahamiyati

Bugun oʻzining samimiy tabassumi, sogʻlom va chiroyli yuzi, maftunkorligi, bilimdon va ishbilarmonligi bilan kishilarda havas tuygʻusini uygʻota oladigan zamonaviy rahbar boʻlish istagida bilim va koʻnikmalarini shakllantirishga harakat qilayotgan yurtdoshlarimiz har bir sohada kundan kunga oʻsib bormokda. Albatta, bu nafaqat oilada, balki jamiyatning barcha sohalarida — ijtimoiy, iktisodiy, taʼlim, sanʼat, madaniyat kabi koʻplab sohalarda faoliyat koʻrsatayotgan rahbarlarning akl-zakovati, bilim va gʻayrati bilan amalga oshirayotgan bunyodkorlik ishlarini oʻz koʻzlari bilan koʻrish natijasida sodir boʻlyapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Yangiliklarga boy, tezkor zamonda rahbar lavozimida faoliyat olib borish kishiga katta masʼuliyat yuklaydi. Jamoaning har bir aʼzosi bilan til topishib, ularni boshqarishning oʻzi boʻlmaydi. Buning uchun rahbarda qatʼiyat, oʻtkir zakovat bilan bir qatorda notiqlik xususiyati boʻlishi ham muhim. Ayniqsa, majlis, taqdimot, ommaviy tadbirlarda nutq soʻzlash rahbar shaxsiga jamoatchilik tomonidan baho berilishida asosiy omil boʻlib xizmat qiladi.

Maʼlumki, rahbar tinglovchini oʻziga tortishga intilishda nutqining toza, ravonligiga, mazmuniga, mantiqiy kuchiga katta eʼtibor berishi lozim. Notiqlikda avvalo chiroyli gapirish muhim, ammo nutqning faqat chiroyli boʻlishi yetarli emas, maʼnosiz va befoyda gaplarni ham chiroyli qilib aytib berish mumkin. Shuning uchun, rahbar nutqi faoliyatga ongli ravishda munosabatda boʻlishi kerak. Nutq soʻzlaganda maʼlum bir maqsad va gʻoyani koʻzlab, auditoriyani unga undash lozim.

Rahbar nutqi maʼlum shart-sharoitni hisobga olib tayyorlanadi. Matn tayyorlashda til bilan nutq bir-biri bilan bogʻlanib ketishiga katta ahamiyat berish lozim. “Matn”, “til”, “nutq”, “uslub” tushunchalari bir-biri bilan mustahkam bogʻlansagina nutq tinglovchiga yetib boradi, taʼsirchanligi oshadi. Shuning uchun bu tushunchalar nutq madaniyatiga bogʻlab oʻrgatiladi. Matn tilning aloqa vositasi ekanligidan darak beradi. Matn mazmun jihatdan boy, ifodali boʻlsa-yu, tili haqida oʻylanmagan boʻlsa, gap oʻz kishisini topolmaydi. Shuning uchun ommabop nutqning oʻziga xos tilini topib nutq tayyorlash kerak. Oddiy gaplashuvdan notiqona nutqning farqi shundaki, notiq har bir aytilayotgan soʻzga, gapga, soʻz bogʻlamalariga alohida munosabatda boʻladi. Oʻz fikrlarini qanday “libos”da taqdim etayotganligi bilan qiziqadi. Soʻzlaganda turli ohang va harakatlardan foydalanadi. Qoʻl, gavda, boshning tasdiq yoki inkorni bildiradigan harakati, imo-ishoralari bilan auditoriyaga yuzlanib turadi. “Shunday emasmi?”, “Toʻgʻri-da”, “Toʻgʻrimi?” kabi luqmalar orqali tinglovchilarga undaladi. Notiqona soʻroq gaplar, tayyor jumlalardan, maqol, matal, hikmatli soʻzlardan, gaplardan foydalanadi.

Bugungi kupda yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini rivojlantirish, ularni har tomonlama yetuk kadrlar qilib tarbiyalash borasida joylarda juda koʻp tadbirlar tashkil qilinmoqda. Bunda aholi soʻzga chiqayotgan rahbarlarning tabrik, tashviqiy nutqlarini tinglab, ommabop nutq nihoyatda xalq uchun muhim ahamiyatga egaligiga guvoh boʻlmokda. Toza, ravon, badiiy unsurlarga boy, taʼsirchan nutq rahbar uchun nihoyatda zarur ekanligiga ishonch hosil qilmokdalar.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, rahbar ommabop nutqda til imkoniyatlaridan samarali foydalanish, soʻz boyligi, maʼnodosh soʻzlar va koʻp maʼnoli soʻzlardan, nutq boyligining muhim belgilari boʻlgan oʻziga xoslik, individuallik, betakrorlik, hissiylik, oʻz soʻzlari bilan soʻzlash mahorati, oʻzga tillardan kirgan soʻzlarni oʻz oʻrnida ishlatish muhimligini anglab borishi zarur.

Movluda Asqarxoʻjayeva,

Maktabgacha taʼlim vaziriligi

Axborot xizmati rahbari

Fikr bildirish

Latest from Blog