Qozog‘iston O‘zbekiston bilan avtobus qatnovini ochish haqidagi bitimga tuzatishlarni ratifikatsiya qildi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi 2006-yil 20-martdagi xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi protokolni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi, deb yozadi “1news.uz” Oq O‘rda matbuot xizmatiga tayanib.

Ayni paytda Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida yo‘lovchi tashuvchi avtobus qatnovlari yo‘q, bu chegarani kesib o‘tishda noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.

Hujjatning ratifikatsiya qilinishi joriy yilda Chimkent va Toshkent shaharlari o‘rtasida, kelasi yilda esa tomonlarning boshqa yirik shaharlari o‘rtasida ham muntazam avtobus yo‘nalishlarini ochish imkonini beradi.

Protokolning ratifikatsiya qilinishi savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishiga ijobiy turtki beradi, shuningdek, aholining harakatchanligi oshishi va ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanishiga imkoniyat yaratadi.

Latest from Blog