O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish…” haqidagi 393-sonli qaroriga asosan, belgilangan kvota bo‘yicha kirish bali etmagan abituriyentlar uchun talabalar safiga qo‘shilishi imkoniyati paydo bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
Foto: blogs@NTU
Davlat komissiyasining tartibiga muvofiq, kvota bo‘yicha belgilangan ballga 4 balldan ortiq bali yetmagan, lekin 68 balldan ko‘p bal to‘plagan abituriyentlar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘lari miqdorlari tasdiqlandi.
Tasdiqlangan to‘lovlar miqdori turli sohalar uchun, oddiy to‘lov-kontrakt puliga nisbatan bir necha barobar yuqori miqdorda belgilangan:
15 baravar — chet tillari, tarjimonlik, tarix, jahon siyosati, Sharq falsafasi, sotsiologiya, psixiologiya, jurnalistika, energoaudit, neft-gazkimyo sanoati, axborot tizimlari, kompyuter grafikasi, telekommunikatsiya, radioelektron qurilmalar, maxsus yoritish texnologiyalari, ijtimoiy ta’minot, mehmonxona xo‘jaligi, turizm, transport, logistika, aviadispetcherlik ishi;
20 baravar — iqtisodiyot, menejment, kichik biznes, marketing, bojxona ishi, moliya, bank ishi, soliq, buxgalteriya, jahon iqtisodiyoti, sug‘urta ishi, pensiya ishi, statistika, baholash ishi, kadrlar menejmenti, korporativ boshqaruv, davlat byudjeti, barcha tibbiy mutaxassisliklar;
25 baravar — yurisprudentsiya, yurisprudentsiya (islom huquqi);
Yuqorida tilga olinmagan, qolgan barcha sohalar uchun qo‘shimcha kontrakt to‘lovi miqdori – 10 baravar etib belgilandi.
Ko‘rib turganingizdek, yurisprudentsiya yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha-kontraktda o‘qish istagini bildirganlar birinchi o‘quv yili uchun to‘lov kontrakt miqdorining 25 baravari, ya’ni — 246 mln 250 ming so‘m to‘lashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu oshirilgan kontrakt to‘lovlari faqat birinchi o‘quv yili uchun to‘lanadi. Keyingi yillarda kontrakt pulining bir baravari to‘lanadi.
Oldin xabar berganimizdek, qabul kvotalari chegarasiga 4 ballgacha etmagan abiturientlarga quyidagi to‘lov puli belgilangan edi:
1 ballgacha etmagan abiturientlar uchun – 1,5 barobar;
1.1 balldan 2 ballgacha etmaganlar uchun – 2,0 barobar;
2.1 balldan 3 ballgacha etmaganlar uchun – 2,5 barobar;
3.1 balldan 4 ballgacha etmaganlar uchun – 3,0 barobar.
Ma’lumotlar yurist va bloger Xushnudbek.uz sahifasidan olindi.