Qoraqalpog‘istonlik 9 yashar qiz temirni tishlab turish bo‘yicha jahon rekordini yangiladi

Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tavallud topgan Jansuluv Tatlimuratovaning dovrug‘i butun dunyoga tarqalmoqda, deb xabar beradi O‘zA.

Foto: O‘zA

9 yoshli Jansuluv sportning badiiy gimnastika turi bilan ikki yarim yoshidan boshlab shug‘ullana boshlagan.

Jansuluv hozirgi kunda Taxtako‘pir tumanidagi 3-sonli umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi. U o‘qish bilan birga 17-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida ustozi Go‘zal Shaxiyevadan turli xalqlarning raqslarini o‘rganmoqda.

Qayd etilishicha, qizcha kichkina bo‘lishiga qaramay, hozirdanoq shogird tayyorlay boshlagan. U gimnastika sirlarini 6 yoshli shogirdi Aydana Pirniyazovaga ham o‘rgatmoqda.

“Jansuluv Tatlimuratova ‘Sport’ telekanalining ‘Record.uz’ ko‘rsatuvida ‘Eng egiluvchan plastik qiz’ nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan bo‘lsa,  ‘Zo‘r TV’ telekanali tomonidan qobiliyatli bolalar uchun tashkillashtirilgan ‘Indigo’ sport musobaqasida ham qatnashib, iste’dodi bilan ko‘pchilikni dog‘da qoldirdi. U temirni 5 daqiqa tishlab turib, jahon rekordini yangiladi.

Kichkina gimnast qizning repertuaridan kichik sandiqdan tasodifan chiqib, nozik va suluv harakatlarini ko‘rsatish, havo gimnastikasi, unda havoda turib, murakkab harakatlarni zukkolik bilan ko‘rsatish, musiqa sadolari ostida harakatlanib kamonda nishonga o‘q otish kabi kompozitsiyalar o‘rin olgan”, — deyiladi xabarda.

“Ginnesning rekordlar kitobiga xat yo‘lladik. Qizimning qobiliyatini jahon arenalarida ko‘rsatib, uni shu kitobga kiritsa baxtli ona bo‘lgan bo‘lar edim. Jansuluv ayni paytda Xitoy va Rossiyada o‘tkaziladigan tanlovga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, — deydi qizchaning onasi Gulmira.

Fikr bildirish

Latest from Blog