Qoraqalpog‘istondagi tadbirkorlar valyuta tushumini majburiy sotishdan ozod etildi


Joriy yil 17-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoev “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qo‘shimcha qulay sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2843-sonli qarorni imzoladi.

Mazkur xujjat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining iqtisodiyotini jadal rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, unga ko‘ra:

bu hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 1997-yil 10-oktabrdagi PF-1871-sonli Farmoni 2-ilovasiga kiritilgan xom ashyo tovarlaridan tashqari o‘zlari ishlab chiqarayotgan sanoat tovarlarini eksport qilish qismida valyuta tushumini majburiy sotishdan ozod etilishi;

bu hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan, farmatsevtika tovarlari va preparatlari, elektrotexnika mahsulotlari (kabel-o‘tkazgich mahsulotlaridan tashqari), shuningdek, pardozlash qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar 2017-yilning 1-aprelidan 2022-yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davrda mulk solig‘i, yer solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilishi;

hisobot yili natijalari bo‘yicha sotuvning umumiy hajmida farmatsevtika tovarlari va preparatlari, elektrotexnika mahsulotlari (kabel-o‘tkazgich mahsulotlaridan tashqari), shuningdek, pardozlash qurilish materiallarni sotishdan tushadigan sof tushumning ulushi 60 foizdan kam bo‘lmagan miqdorni tashkil etuvchi korxonalar yuridik shaxslar jumlasiga kirishi;

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan va ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirayotgan eksportyor yuridik shaxslar uchun respublika doirasida ichki yuk tashishga amaldagi tarif stavkalari bo‘yicha yuklarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasigacha yetkazib berishga temir yo‘l tariflarini qo‘llashi belgilangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, «O‘zfarmsanoat» AK, «O‘zeltexsanoat» AK va «O‘zqurilishmateriallari» AJ bilan birgalikda 2017-yilning 1-apreligacha mazkur qarorda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etiladigan farmatsevtika mahsulotlari va preparatlari, elektrotexnika mahsulotlari, shuningdek, pardozlash qurilish materiallariga taalluqli bo‘lgan mahsulotlarning aniq ro‘yxatini ishlab chiqishlari ko‘rsatilgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog