/

Qoraqalpog‘iston hududida favqulodda holatning amal qilishi tugatildi

Foro: Eurasianet

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni «Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holatning amal qilishini tugatish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining favqulodda holatning amal qilishini muddatidan avval tugatish to‘g‘risidagi murojaatini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida jamoat tartibi tiklanganligini va ko‘rilgan choralar natijasida fuqarolarning xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari himoyasi ta’minlanganligini inobatga olib qabul qilindi.

Favqulodda holat 21-iyul kuni soat 05:00 dan boshlab muddatidan avval tugatiladi.

2-iyul kuni prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘istonda 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo‘lgan davrda favqulodda holat joriy etilgan, so‘ngra 13-iyulda Respublikadagi vaziyat barqarorlashgani tufayli favqulodda holat rejimini yumshatilgan edi.

20-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining XXXI sessiyasida deputatlar O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. JK matbuot xizmati xabar berishicha, respublika parlamenti 2-iyuldan boshlab bir oy muddatga joriy etilgan favqulodda holatni yumshatishni so‘radi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iyul oyi boshidagi voqealari oqibatida rasman 21 kishi halok bo‘ldi va 274 kishi esa jarohatlandi, biroq, necha kishi hibsda qolayotgani ma’lum qilinmadi.

Voqealardan so‘ng 500 dan ortiq fuqaro hibsga olingani, ularning ko‘pchiligiga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, qo‘yib yuborilayotgani aytilgandi.

Hozirda Qoraqalpog‘istonda 1−2-iyul voqealarini o‘rganish, fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilishini aniqlash bo‘yicha parlament komissiyasi ish olib bormoqda. Unga ombudsman Feruza Eshmatova rahbarlik qilmoqda.

Fikr bildirish

Latest from Blog