Qoraqalpog‘iston aholisi favqulodda holat vaqtida asossiz ko‘chaga chiqmaslikka chaqirildi

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov Qoraqalpog‘iston aholisini favqulodda holat rejimi vaqtida asossiz ko‘chaga chiqmaslikka chaqirdi. Bu haqda 3-iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi.

“Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim ig‘vogarlar shaxslar tomonidan boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tgan jamoat tartibsizliklari mobaynidagi turli ko‘rinishdagi eski foto va videolavhalar tarqatilmoqda. Bunday soxta ma’lumotlarga ishonmasligingizni, aniq hamda to‘g‘ri xabarlarga esa faqatgina rasmiy sahifalar orqali ega bo‘lishingizni eslatib o‘tamiz.

Shuningdek, hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yurtdoshlarimizni hamjihatlikka va oqilona ish tutishlariga, joriy etilgan favqulodda holat talablariga qat’iy rioya qilishlarini, asossiz ko‘chaga chiqmasliklarini iltimos qilib qolamiz. Turli g‘arazli tashviqot va harakatlarga berilmaslikka chaqiramiz”, — degan Davron Jumanazarov.

Uning ta’kidlashicha, fuqarolar orasida provokatsion tashviqotlar tarqatgan va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan ayrim shaxslar qo‘lga olindi.

O‘zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar degan qoidani amalda ta’minlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga zarur kuch vositalari safarbar qilingan va imkoniyatlar yetarli.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning barchasi O‘zbekiston tinchligi, Qoraqalpog‘iston aholisining osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda qonuniylik va huquq-tartibotini tiklashga qaratilgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog