Qoraqalpogʻistonda Oʻzbekiston – Amerika qoʻshma korxonasi qurilishi boshlandi

Taxtakoʻpirda «Agro kompleks Karakalpakstan» Oʻzbekiston — Amerika qoʻshma korxonasi qurilishi boshlandi, deb xabar qildi Oʻzbekiston Hukumat portali.

Foto: YouTube

«Majmua loyihasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan. Umumiy qiymati 3 million AQSh dollaridan iborat mazkur loyihaga 700 ming dollar xorijiy investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan.

Loyiha ikki bosqichdan iborat: 1-bosqichda xorijdan 700 bosh naslli qoramol, 2-bosqichda esa 2000 bosh naslli qoʻy keltiriladi.

Qoʻshma korxonaga ajratilgan 540,3 gektar yerning 386,8 gektari ekin maydoni uchun ajratilgan.

Loyiha ishga tushgach, aholining meva-sabzavot, goʻsht, sut mahsulotlariga, shuningdek, chorvaning omixta yemga boʻlgan talabi shu joyning oʻzida qanoatlantiriladi.

Joriy yil noyabr-dekabr oylarida gidroponika texnikasi asosida issiqxonalar qurish, bugʻdoy, sholi va goʻsht mahsulotlarini qayta ishlash maqsadida xorijdan zamonaviy uskunalar keltirish nazarda tutilgan.

Majmuada qoramol, qoʻy, echki boqish va tuyachilikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Ayni paytda korxonada 20 kishi doimiy ish bilan taʼminlangan boʻlib, majmua toʻliq ishga tushgach, 100 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog