Qonunchilik palatasi oʻzini-oʻzi oʻldirishga undash boʻyicha qonun loyihasini koʻrib chiqdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi internet tarmogʻidan foydalangan holda oʻzini oʻzi oʻldirishga undash uchun javobgarlik belgilash boʻyicha Jinoyat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi koʻrib chiqdi. Bu haqda parlament palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Anhor.uz

«Qonunchilik palatasi tomonidan Jinoyat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi koʻrib chiqilib, tasdiqlash uchun Oliy Majlis Senatiga kiritilgan», deyilgan xabarda.

Matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, qonun talablariga asosan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksiga qoʻshimcha modda kiritilib, oʻzini-oʻzi oʻldirishga undaganlik, yaʼni koʻndirish, aldash yoki boshqa yoʻl bilan oʻzga shaxsda oʻzini-oʻzi oʻldirish hissini uygʻotish natijasida shaxs oʻzini oʻzi oʻldirgan yoki oʻziga suiqasd qilgan boʻlsa ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, mazkur harakatlarni voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir etilsa — yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.

 

Fikr bildirish

Latest from Blog