O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligida vazir o‘rinbosari polkovnik Akromxon Boboxonov joriy yilning 11-iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasi ichki ishlar vaziri o’rinbosari militsiya general-mayori Kursan Asanov bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qilmqoda.
Foto: O‘zbekiston Respublikasi IIV matbuot xizmati
Ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida o‘tkazilayotgan tub islohotlarni o‘rganish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tizimga joriy etish yuzasidan tajriba almashish maqsadida, mehmonlar taklifiga asosan tashkil etildi.
Uchrashuvda A.Boboxonov respublika ichki ishlar organlarida o‘tkazilayotgan tub islohotlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tizimga joriy etilishi yuzasidan mehmonlarga ma’lumot berdi.
K.Asanov ham o‘z o‘rnida Qirg‘iziston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimlarida o‘tkazilayotgan islohotlar haqida o‘rtoqlashdi.
Tomonlar ushbu yo‘nalishda ikki tomonlama hamkorlik masalalarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish doirasida fikr almashdilar.
Suhbat davomida K.Asanovni mahallalarda tashkil etilgan ichki ishlar organlari tayanch punktlarining faoliyati qiziqtirdi. Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari Toshkent shahridagi Ichki ishlar bo‘limlari va tayanch punktlarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrifning keyingi kuni Qirg‘iziston delegatsiyasi a’zolari Samarqand shahrining diqqatga sazovar joylari bilan tanishdilar.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vaziri politsiya generali V.Kolokoltsev ishchi tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan edi.