/

Qirg‘izistonda yuqumli kasalliklar tufayli barcha maktablar onlayn-ta’limga o‘tkazildi

Qirg‘izistondagi barcha maktablar 24-dekabrga qadar onlayn-ta’limga o‘tkaziladi. Bu haqda Jogorku Kenesh majlisida ta’lim va fan vaziri o‘rinbosari Nodira Jusupbekova ma’lum qildi, deb yozadi “24.kg”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror Sog‘liqni saqlash vazirligi axboroti asosida qabul qilingan.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir yuqumli kasalliklar tarqalishi avj olgan. Kasallanish holatlari ko‘payishi munosabati bilan respublikadagi barcha maktablarni onlayn-ta’limga o‘tkazamiz”, — dedi u.

Avvalroq Qirg‘izistonda 509 ta maktab va 168 ta bolalar bog‘chasi karantinga yopilgan edi. Bu respublikadagi maktablarning beshdan bir qismi demakdir. Mamlakatda jami 2357 ta umumta’lim tashkilotlari mavjud.

Xabarlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda o‘tgan bir hafta ichida (5—11-dekabr) koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 10 ta holat qayd etilgan. Xavfni baholash matritsasiga muvofiq, barcha viloyatlar yashil zonada qolmoqda.

Pandemiya boshidan buyon esa Qirg‘izistonda jami 206,5 mingdan ortiq odam virusga chalingan.

Fikr bildirish

Latest from Blog