Qirg‘izistonning shimoli va janubini bog‘lovchi Bishkek-O‘sh yo‘lini qor ko‘chkisi bosishi oqibatida 3 ta avtomobil qor uyumi ostida qoldi. Oqibatda 4 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi qutqarib qolingan. Bu haqda «Interfaks» axborot agentligiga Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar vazirligida 28-mart kuni ma`lum qilingan.
Ma`lum qilinishicha, 27-mart kunduzi yo’lning 255 kmi 6720 kub metr hajmdagi qor ko‘chkisi ostida qolgan. Yo‘lda qatnov vaqtinchalik to‘xtatilgan, qor ostida qolganlarni qidirish-qutqarish operatsiyasi boshlangan.
«28-martga o‘tar kechasi qutqaruvchilar tomondan ko‘chki ostidan yo‘l-ekspluatatsiya xizmatiga tegishli «Toyota» mashinasi chiqarib olingan. Avtomobilda 4 kishining jasadi topilgan», deyilgan xabarda.
Ma`lum qilinishicha, qor ostidan, shuningdek, Lexus va Subaru Legacy rusumidagi avtomobillar ham chiqarib olingan. Ulardan har birida 3 nafardan odam bo‘lgan. Ularning barchasi omon qolgan.
Ta`kidlanishicha, joyni qordan tozalash uchun FVVning 52 nafar xodimi, maxsus texnika jalb qilingan.