Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi aholini 9-may bayramini nishonlash chogʻida Z ramzidan foydalanishdan voz kechishga chaqirdi. Rasmiylar “Oʻlmas polk” yurishida bu kabi ramzli gimnastyorkalar kiymaslikni soʻrashgan.
Qoʻmita bu ishni qilganlar “milliy nizo qoʻzgʻatishga qaratilgan xatti-harakatlarni amalga oshirganlik uchun” javobgarlikka tortilishi mumkinligidan ogohlantirgan. MXDQning mazkur bayonoti karnaval liboslari va harbiy ust-bosh prokati bilan shugʻullanuvchi tashkilot tomonidan berilgan eʼlon ortidan bildirildi.
Bu yil 9-may kuni Qirgʻizistonda parad oʻtkazilmaydi. Respublika Mudofaa vazirligi buning oʻrniga markaziy maydondan Bishkek garnizonining shaxsiy tarkibi tantanali yurish bilan oʻtishi hamda boshqa qator harbiy-vatanparvarlik tadbirlari boʻlib oʻtishini maʼlum qilgan.
Avvalroq Estoniya 9-may kuni “provokatsiyalarga yoʻl bermaslik maqsadida” Rossiya harbiy ramzlari, SSSR bayroqlari, sovet harbiy kiyimlari va Georgiy tasmalari bilan ommaviy yigʻilishlar oʻtkazishni man etgandi. Moldaviya parlamenti esa Georgiy tasmasi hamda Z va V ramzlarini taqiqlovchi qonun loyihasini qabul qilgan.
Z va V harflari Ukraina bosqinida ishtirok etayotgan Rossiya harbiy texnikasiga chizilyapti.