Qashqadaryo viloyati shahar va qishloqlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yilligi munosabati bilan “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
“Yoshlar poyezdi”ga yosh olim va mutaxassislar, shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari, tadbirkorlar, sportchilar, ijtimoiy soha xodimlari, jurnalistlar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari va “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlari jalb etilgan.
– Mazkur aksiya Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq o‘tkazilmoqda, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi raisi Sh.Sattorov. – Aktsiya yoshlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish, davlatimiz tomonidan yosh tadbirkorlar va yosh oilalarga berilayotgan imkoniyat hamda imtiyozlarni keng targ‘ib etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
Davra suhbatlari, ochiq muloqotlardan tashqari chekka qishloqlardagi ta’lim muassasalari, mahallalar, harbiy qismlar va kasalxonalarga kitoblar sovg‘a qilinmoqda. Yetim bolalar, imkoniyati cheklangan, shuningdek, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga sovg‘alar topshirilmoqda, tajribali shifokorlar jalb qilingan holda bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.
– Bugungi muloqot juda ajoyib bo‘ldi, – deydi ishchi Ilhom Jamolov. – Ayniqsa, kitob mutolaasi borasidagi fikrlar menda katta taassurot qoldirdi. Rostdan ham, kitobxonlik kishining tafakkurini o‘stiradi. Doim ish bilan bo‘lib, kitob o‘qishga umuman e’tibor qaratmay qo‘ygan ekanman. Oxirgi marta farzandlarimga qanday kitob olib berganimni eslay olmayman. Hoziroq tadbirdan chiqib, farzandlarimga sovg‘a uchun kitob olaman.
Keng jamoatchilik va yoshlarning fikrlariga tayangan holda, viloyat yoshlari bilan doim gavjum bo‘lgan “Yoshlar markazi” kirish qismida kitob almatirish javoni tashkil etilib, unda yoshlar har kuni 24 soat davomida kitob almashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
– Tumandagi 34-umumta’lim maktabida o‘qiyman, – deydi Kamola Farmonova. – Qaysidir yo‘nalishda yutuqqa erishgan tengdoshlarimni televizorda ko‘rsam yoki ular haqida gazeta-jurnalda o‘qisam, havasim keladi. Qaniydi, men ham ularga o‘xshab, yutuqlarga erishsam, deb orzu qilaman. Ammo maktabimizda bunga sharoit yo‘q. Maktab foyesidagi ro‘yxatga yozib qo‘yilgan to‘garaklarning birortasi deyarli faoliyat yuritmaydi. Masalan, men tikuvchilik, to‘quvchilikka qiziqaman. Uzoqroq joyga borib, bu hunarni o‘rganishga imkoniyatim yo‘q. Shu bois, maktabimizda ham shunday to‘garaklar ochilsa, men kabi yoshlar uchun ayni muddao bo‘lardi.
Bildirilgan taklif va muammolar mutasaddilar ishtirokida ko‘rib chiqildi va aksariyati joyida hal etildi, qolganlarini ham qisqa muddatlarda hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
Ikki kun davom etgan targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Unda chekka qishloqlardagi ta’lim muassasalari, mahallalar, harbiy qismlar va kasalxonalarga kitoblar sovg‘a qilindi. Imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga sovg‘alar topshirildi. Tajribali shifokorlar jalb qilingan holda, bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Bundan tashqari, joylarda uyushmagan yoshlarning fikrlari o‘rganildi, ularni foydali yumushlarga jalb etish chora-tadbirlari ko‘rildi.