Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Koʻksaroy mahallasida yangi masjid qayta faoliyat boshladi. Bu haqda Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 2-yanvar kuni Qamchiq dovonidagi yagona masjid — avtomagistral yoʻlning shundoqqina yuzida joylashgan “Islom nuri” jome masjidining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Masjidning ochilish marosimida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hamda Toshkent viloyati vakilligi masʼullari ishtirok etdilar.
Masjidning dovon yoʻlida joylashgani ibodat qilishni istaganlar uchun qulaylik yaratdi.
«Masjidda namozxonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, tahoratxona el xizmatiga tayyor holda qurilgan», — deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, 2013-yilda masjidni qayta qurish va taʼmirlash ishlari boshlangan edi. Masjid saxovatpesha homiylar hamda aholi tomonidan hashar yoʻli bilan qurilgan.