Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deya xabar bermoqda Uz24.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya 2016-yilning 29-noyabr kuni Moskva shahrida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimni va ikki mamlakat harbiy idoralari o‘rtasida 2017-yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik rejasini imzolagan edi.
Bitim doirasida tomonlar bir-biriga harbiy maqsadlardagi mahsulotlar — qurol-yarog‘, harbiy texnika, ishlar, xizmatlar va boshqalarni yetkazib berishi mumkin. Bundan tashqari, tomonlar qurol-yarog‘ va harbiy texnikaga xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash ishlarini ham bajaradi.
Ushbu shartnoma O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati tomonidan 28-mart kuni ratifikatsiya qilingan edi. Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni 29-mart kuni imzoladi.