“Putin istaklarining qurboni bo‘lmang”. Ukraina Qurolli kuchlari Markaziy Osiyo aholisiga murojaat yo‘lladi

Ukraina Qurolli kuchlari strategik aloqa departamenti vakillari Markaziy Osiyo aholisiga murojaat bilan chiqdi.

Ularning Markaziy Osiyo aholisiga qilgan murojaatida O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisidan uyda qolib, o‘z vatanlari farovonligi uchun xizmat qilishlari so‘ralgan.

O‘zbekiston fuqarolari, boshqa buyuk turkiy xalqlar vakillari, sizlar Rossiya tomonidan Ukrainaga urushga borib, Putinning xohish-istaklari yo‘lida o‘zingizni qurbon qilmang. Uyda qoling va mamlakatingizga xizmat qiling, — deyiladi StratCom bayonotida.

Qurolli kuchlar xabarida, shuningdek, o‘zbekistonlik yollanma askar asir olingani ma’lum qilingan. Unga ko‘ra, M. Ahmedov 22 yoshda bo‘lib, millati — o‘zbek, fuqaroligi — O‘zbekiston. Urushga minomyotchi sifatida kirishgan. Ungacha Moskva universiteti talabasi bo‘lgan. Qo‘lga olingan joyi — Ukrainaning Xarkov viloyati.

Ma’lumot uchun, Ukraina bosh razvedka boshqarmasi Rossiya Moskva viloyatida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarini Qurolli kuchlar safiga jalb etayotgani haqida xabar bergandi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan ushbu mamlakat hududida jang qilgan go‘yoki ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olingani aks etgan video tarqalishi sabab Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yuborilgandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog