O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4-aprel kuni “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorni imzoladi. Mazkur Qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir A.N.Aripov zimmasiga yuklatildi.
1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining oila a’zolariga moddiy, ma’naviy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, tashkilot va harbiy qismlar vakillari biriktirilib, ushbu toifadagi shaxslarni qutlash va ko‘nglini ko‘tarish maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifi tashkil etiladi.
Yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish hamda o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlariga turar joy ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillari qo‘shiq va musiqalari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etilib, ko‘cha va maydonlar Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan plakat va stendlar bilan bezatiladi.
Toshkent shahrida 2017-yil 9-may soat 21.00 da bayram salyuti tashkil qilinadi.