Adliya vazirligi Prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i No‘’mon Muhammadiyevning aytishicha, 2022-yilning birinchi yarmida 313 ta hujjat (shundan 36 tasi qonun, 46 tasi farmon, 172 tasi qaror, 9 tasi farmoyish va 50 tasi bayon)dagi 16 599 ta topshiriq Ijro.gov.uz tizimida ro‘yxatga olinib, ijroga qaratilgan.
“Ijro.gov.uz tizimi joriy etilishi natijasida ortiqcha qog‘ozbozliklarning oldi olindi, topshiriqlar mas’ul ijrochilarga tezkor yetkazilib, ularning ijrosi o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashkil etilmoqda. Shuningdek, uzoq vaqtlar davomida bajarilmasdan kelinayotgan topshiriqlarning bajarilishi ta’minlanib, bu kabi salbiy holatlar keskin kamayishiga erishildi.
Joriy yilning 6 oyida ijro intizomi buzilishiga yo‘l qo‘ygan jami 12 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan 5 nafari egallab turgan lavozimidan ozod qilingan bo‘lsa, 6 nafari hayfsan, 1 nafariga esa jarima qo‘llandi”, dedi No‘mon Muhammadiyev 27 iyul kungi matbuot anjumanida.
Adliya mulozimining qo‘shimcha qilishicha, davlat rahbarining 15 ta sohadagi topshiriqlari ijrosi ichki ish rejalarga asosan monitoring va tahlil qilinib, natijasi bo‘yicha Prezident administratsiyasiga tahliliy axborot hamda ma’lumotlar kiritilgan.
Shu bilan birga, tahlil natijalari bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf qilish hamda kelgusida bu kabi holatlar takroran sodir etilishining oldini olish yuzasidan Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Energetika vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa idoralarga 10 dan ortiq taqdimnoma kiritilgan.