Toshkentda anhorlar ustidan o‘tgan kommunal xizmatlar quvurlariga panjaralar va taqiqlovchi belgilar o‘rnatib chiqilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ayrim fuqarolar quvurlardan kanaldan o‘tish uchun ko‘prik sifatida foydalanmoqda. Natijada baxtsiz hodisalar sodir bo‘lmoqda, deyiladi xabarda.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Toshkent hokimi topshirig‘i bilan barcha kommunal xizmatlar va poytaxt FVB vakillaridan iborat bo‘lgan ishchi guruhlari tashkil etildi.
Vazirlik fuqarolarga murojaat qilib, mahallalardagi kanallar va ariqlar ustidagi kommunal quvurlar panjaralar bilan to‘silmagan bo‘lsa, Favqulodda vaziyatlar vazirligining (+99871)147−10−50 tezkor raqami yoki Favqulodda vaziyatlar vazirligi saytidagi «Vazirga savol» sahifasi orqali ma’lumot berish mumkinligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun muqaddam Toshkentdagi 134-maktabning o‘n ikki yoshli o‘quvchisi Abdulloh Ro‘ziboyev suvga tushib ketgan do‘stini qutqarib, o‘z hayotini qurbon qildi. Bolalar Qoraqamishdagi kanal ustiga o‘rnatilgan quvurdan yugurib o‘tayotgan bo‘lgan.