Sankt-Peterburg shahri metrosida sodir bo’lgan teraktga qaramay, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga 4—5-aprelga belgilangan davlat tashrifi amalga oshiriladi. Bu haqda, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixona vakiliga asoslanib, “RIA Novosti” agentligi xabar bermoqda.
“O‘ylashimcha, tashrif amalga oshadi”, — degan O‘zbekiston elchixonasi vakili “RIA Novosti”ning tegishli savoliga javob berarkan.
3-aprel, dushanba kuni Sankt-Peterburg metrosida portlash yuz berdi. Hodisa oqibatida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi halok bo‘lgan, 37 kishi tan jarohati olgan.
Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Rossiyada bo‘lishi haqida xabar berilgan edi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki davlat Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi rejalashtirilgan.