AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga maxfiy safari chogʻida Ukrainaga yangi harbiy yordam va amerikalik diplomatlarning mamlakatga qaytishini eʼlon qildi, deya xabar bermoqda AQSh OAVlari Davlat departamentining yuqori martabali shaxslariga tayanib.
Unga koʻra, Blinken va Ostin yakshanba kuni Kiyevga safar qilgan va u yerda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba, mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov hamda ichki ishlar vaziri Denis Monastyrskiy bilan uchrashgan. Uchrashuv taxminan 90 daqiqa davom etgan.
Uchrashuvda Blinken amerikalik diplomatlar shu haftadan Ukrainaga qaytishni boshlashini aytdi.
Bundan tashqari, unga koʻra, AQSh prezidenti Jo Bayden Bridjit Brinkni AQShning Ukrainadagi elchisi etib tayinlaydi. Brink hozirda AQShning Slovakiyadagi elchisi.
CNN telekanalining Davlat va Mudofaa vazirligi manbalariga tayanib xabar berishicha, Blinken va Ostin AQShning Ukrainaga yaqinda koʻrsatgan harbiy yordami, ukrainalik askarlarning davom etayotgan mashgʻulotlari va Bayden maʼmuriyatining qoʻshimcha harbiy mablagʻ sifatida 713 million dollar ajratish niyatini muhokama qilgan.
Shu bilan birga, Associated Press AQSh harbiy sohaga 300 million dollardan koʻproq mablagʻ ajratishi va 165 million dollarlik qurol sotishni maʼqullashi haqida xabar berdi.