«Paxtakor» 50 mln so‘m, «Nasaf» esa 100 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi

«Paxtakor» va «Nasaf» futbol klublari Qarshida O‘zbekiston chempionatining 29-turi uchrashuvida sodir bo‘lgan hodisa sababli jarimaga tortildi, deya xabar qildi Futbol federatsiyasi matbuot xizmati.

O‘yindan so‘ng, Aleksandr Lobanov maydonni tark etar ekan, «Nasaf» klubi muxlislari uning sha’niga noloyiq so‘zlarini yo‘llab, haqorat qilishgan. «Paxtakor» darvozaboni esa bunga noo‘rin harakatlar bilan javob qaytargan. Mazkur holat PFL Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilgach, futbolchi Aleksandr Lobanovning harakatlari sabab uning jamoasi «Paxtakor» klubi 50 mln so‘m, «Nasaf» klubi esa muxlislarining muxlislik madaniyatiga zid harakatlari sababli 100 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Klublar agar kelgusida shunday harakatlar takrorlanadigan bo‘lsa, bundanda keskinroq tarzda jazolanishi to‘g‘risida ogohlantirildi. Jumladan, «Nasaf» klubi muxlislari tomonidan shunday harakatlar takrorlansa, jamoa kelgusi uy uchrashuvlarini muxlislarsiz o‘tkazishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «Paxtakor» rahbariyati dushanba kuni Aleksandr Lobanovni sportga xos bo‘lmagan harakatlari uchun jarimaga tortish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Latest from Blog